Soliq organlarining hujjatlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish tartibi
Har bir shaxs soliq organlarining normativ xususiyatga ega boʼlmagan hujjatlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan, agar ushbu shaxsning fikriga koʼra bunday hujjatlar, harakatlar (harakatsizlik) uning huquqlarini buzsa, shikoyat berish huquqiga ega. Soliq organlarining normativ-huquqiy hujjatlari ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
Har bir shaxs oʼz huquqlarini buzilgan deb hisoblasa, shikoyat qilishga haqlidir.
Shikoyatda quyidagilar koʼrsatiladi: 1) jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda yashash joyi yoki shikoyat berayotgan yuridik shaxsning nomi va manzili; 2) soliq organining normativ xususiyatga ega boʼlmagan hujjati, mansabdor shaxsning harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilayotgan shikoyat; 3) soliq organining nomi, normativ xususiyatga ega boʼlmagan hujjat, ustidan shikoyat berilayotgan mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi); 4) shikoyat berayotgan shaxs oʼzining huquqlari qaysi asoslarga koʼra buzilgan deb hisoblasa, oʼsha asoslar; 5) shikoyat berayotgan shaxsning talablari. Shikoyatga zarur boʼlgan boshqa maʼlumotlar ilova qilinishi mumkin.
Soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʼyicha qabul qilingan qarorlari ustidan shikoyat yuqori turuvchi soliq organiga qarorlari ustidan shikoyat qilinayotgan soliq organi orqali beriladi.
Qarorlari ustidan shikoyat qilinayotgan soliq organi bunday ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran uch kun ichida uni yuqori turuvchi soliq organiga barcha materiallar bilan birga yuborishi shart.
Soliq tekshiruvlari natijalari boʼyicha sudga shikoyat qilish faqat yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilinganidan soʼng amalga oshiriladi.
Soliq organining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʼyicha qabul qilgan qarorlari ustidan sud tartibida shikoyat qilish faqat yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilinganidan keyingina mumkin boʼladi. Bu qoida Oʼzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʼmitasining qarori ustidan shikoyat qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Аgar shikoyat boʼyicha qaror belgilangan muddatlarda yuqori turuvchi soliq organi tomonidan qabul qilinmasa, soliq organlarining normativ xususiyatga ega boʼlmagan hujjatlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
Yuqori turuvchi soliq organlarining normativ xususiyatga ega boʼlmagan, shikoyatlarni koʼrib chiqish yakunlari boʼyicha qabul qilingan hujjatlari ustidan faqat sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
Tuman (shahar) davlat soliq inspektsiyalari, Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalarining normativ xususiyatga ega boʼlmagan, shikoyatlarni koʼrib chiqish yakunlari boʼyicha qabul qilingan hujjatlari ustidan Oʼzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʼmitasiga shikoyat qilinishi mumkin.
1) shikoyat qanoatlantirmasdan qoldiradi; 2) soliq organining normativ xususiyatga ega bo'lmagan hujjati bekor qilinadi; 3) soliq organining qarori to'liq yoki qisman bekor qilinadi; 4) soliq organining qarorini to'liq bekor qiladi va ish yuzasidan yangi qaror qabul qiladi; 5) shikoyat qo'zg'atilgan jinoyat ishi doirasida yoki soliq to'lovchi sudga shikoyat masalasi bo'yicha murojaat qilganda ko'rmasdan qoldiriladi.
Soliq organining yuqori turuvchi organiga yoki sudga shikoyat berish tegishincha shikoyat boʼyicha soliq organining yuqori turuvchi organi tomonidan qaror qabul qilinguniga yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar shikoyat qilinayotgan qarorni yoki harakatni ijro etishni, shu jumladan qoʼshimcha hisoblangan soliqlar va yigʼimlarni undirishni, shuningdek moliyaviy sanktsiyalar qoʼllanilishini toʼxtatib turadi.
Soliq toʼlovchi qaysi soliq organining qarori yoki mansabdor shaxsining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilayotgan boʼlsa, oʼsha organni soliq organining yuqori turuvchi organiga yoki sudga shikoyat berganligi toʼgʼrisida tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda xabardor qilishi shart.
Yuqori turuvchi soliq organi, agar quyidagilarni aniqlagan boʼlsa, shikoyatni toʼliq yoki qisman koʼrmasdan qoldiradi:
1) shikoyat shikoyatni bergan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanmagan boʼlsa yoxud vakilning shikoyatni imzolash uchun vakolatlarini tasdiqlovchi belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjatlar taqdim etilmagan boʼlsa;
2) shikoyat, belgilangan shikoyat berish muddati tugaganidan keyin berilgan va uni tiklash toʼgʼrisidagi iltimosnomani oʼz ichiga olmagan boʼlsa yoki shikoyat berish uchun oʼtkazib yuborilgan muddatni tiklash rad etilgan boʼlsa;
3) shikoyat boʼyicha qaror qabul qilinishiga qadar shikoyatni bergan shaxs nomidan shikoyatni toʼliq yoki qisman chaqirib olish toʼgʼrisidagi ariza kelib tushgan boʼlsa;
4) ilgari aynan oʼsha asoslar boʼyicha shikoyat berilgan boʼlsa;
5) shikoyat soliq organining belgilangan tartibda ilgari shikoyat qilingan qarori ustidan berilgan boʼlsa;
6) shikoyat soliq organlarining qarorlari ustidan shikoyat berish tartibi buzilgan holda berilgan boʼlsa;
7) shikoyat belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan boʼlsa;
8) shikoyat qoʼzgʼatilgan jinoyat ishi doirasida yoki soliq toʼlovchi sudga shikoyat masalasi boʼyicha murojaat qilganda berilgan boʼlsa.
* Soliq tekshiruvlari bo'yicha shikoyat u aniqlangan kundan boshlab 1 oy ichida beriladi. * Soliq tekshiruvlari bo'yicha berilgan shikoyat 1 oy ichida ko'rib chiqiladi hamda 15 kungacha uzaytirilishi mumkun. * Boshqa shikoyatlar, shikoyat olingan sanadan e'tiboran 15 kun ichida ko'rib chiqiladi hamda 15 kungacha uzaytirilishi mumkin. * Ko'rib chiqish natijasi bo'yicha muallifga 3 kun ichida ma'lum qilinadi.