Joriy yilning birinchi yarim yilligida Jizzaxda 4-sektor tomonidan 817 ta ehtiyojmand oilaga 401 mln.so‘mlik ijtimoiy yordam ko‘rsatildi. Yaqinda 4-sektor masʼullari yana bir xayrli ishga qo‘l urishdi. Jizzax shahrida istiqomat qiluvchi og‘ir bemor Zulayho Davlatovaga Samarqand shahrida davolanishi uchun ko‘mak ko‘rsatildi.
Jizzax shahar 4-sektor hududiga qarashli “Shodlik” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Go‘zal Boymurodovaning 4 nafar farzandi bor. Turmush o‘rtog‘i Jasur Boymurodov 2-guruh nogironi. Ularning yashash sharoitlari og‘ir bo‘lib, iqtisodiy tomondan qiynalgan oila sanaladi. Shahardagi oshxona va choyxonalarda eng og‘ir yumushlarni bajarib, ro‘zg‘or tebratayotgan Go‘zal Boymurodova uchun 2021 yil yakuni juda og‘ir va tashvishli keldi. Ikkinchi farzandi 23 yoshli Zulayxo ota uyiga mehmonga kelib, tandirga non yopish istagida baxtsiz xodisa tufayli yonib ketgan.
Vrachlar unga "tananing yuz, bo‘yin, yelka, bilak, panja, ko‘krak, qorin va o‘ng son old yuqori qismi sohasi 2-3 darajali og‘ir termik kuyish" tashxisini qo‘yishdi. Kamiga og‘ir ahvoldagi 3 oylik kelinchak xomilasidan ayrildi.
Go‘zal Boymurodovaga oson bo‘lmadi. Farzandining juda og‘ir ahvoldaligi yetmaganday, kamiga uni davolatish uchun qo‘lida yetarlicha sarmoyasi ham yo‘q edi. Mahalla-ko‘yning tavsiyasi bilan viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4- sektor rahbariga qizini davolatishga yordam so‘rab xat bilan murojaat qildi.
Viloyat DSB boshlig‘i, 4-sektor rahbari B.Tashpulatov murojaatchining uyiga borib, bemorning ahvoli bilan yaqindan tanishdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida Zulayxoni davolatish uchun bor imkoniyat ishga solindi. Uni Samarqand viloyatida davolanishi uchun 40 million so‘m mablag‘ ajratilib, jarrohlik amaliyoti o‘tkazilda va zarur dori-darmon vositalari olib berildi.
Zulayho Davlatovaning ahvoli juda yaxshi. Mahallaning “yoshlar daftari”ga kiritilgan. Soliq xodimlari unga dori-darmonlarni haliyam yetkazib turishibdi. Xonadonning mol-mulk hamda yer solig‘i to‘liq to‘lab berildi.
Jizzax viloyat DSB Axborot xizmati