O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksininig 133-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq
xizmati idoralari axborot-kommunikatsiya tizimi faoliyati samaradorligini
yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2012-yil 30-oktyabrdagi PQ-1843-sonli qarori hamda “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati
samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6098-sonli Farmoniga asosan 53 ta vazirlik va idoralar bilan elektron axborot almashuvi yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi,
Ichki ishlar vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Kadastr agentligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat xizmatlari agentligi,
Markaziy bank va boshqa bir qator vazirlik hamda idoralar shular jumlasidandir.
Idoralararo hamlorlikni kengaytirish maqsadida, joriy yilning I choragida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish
bo‘yicha vakil hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi
Elektron kooperatsiya portali markazi davlat korxonasi bilan o‘zaro elektron
axborot almashinuvi bo‘yicha bitimlar tuzildi.
Davlat soliq qo‘mitasi boshqa vazirlik va idoralardan
olingan maʼlumotlar asosida, yuridik va jismoniy shaxslarning soliq
majburiyatlarini to‘laqonli bajarishi ustidan nazorat olib
boradi hamda soliq solish obyektlarini qamrab olinganligi bo‘yicha tahlillar olib boradi.
Bundan tashqari, ayrim vazirlik va idoralar bilan yo‘lga qo‘yilgan elektron axborot almashinuvi aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ortiqcha ovoragarchilik hamda qog‘ozbozlikdan ozod etmoqda. Xususan, notarial idoralar, davlat xizmatlari markazlari, bojxona, bank, kadastr va boshqa bir qator tashkilotlarga soliq to‘lovchilarning identifikatsiya raqamlari hamda ular tomonidan o‘z soliq majburiyatlarini bajarish ahvoli yuzasidan ma’lumotlar real vaqt rejimida taqdim etilmoqda.