Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan soliq tekshiruvlari uch turga
boʼlindi:
1) kameral soliq tekshiruvi;
2) sayyor soliq tekshiruvi;
3) soliq auditi.
Kameral soliq tekshiruvi — soliq
to‘lovchi (soliq agenti) tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotini, moliyaviy hisobotni,
shuningdek soliq to‘lovchining faoliyati to‘g‘risida soliq organida mavjud bo‘lgan
boshqa hujjatlar hamda ma’lumotlarni tahlil qilish asosida soliq organi tomonidan
o‘tkaziladigan tekshiruv hisoblanadi.
Tekshiruvdan oldingi tahlil:
Soliq organlari
kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilishi boshlanguniga qadar tekshiruvdan oldingi tahlilni
o‘tkazishi mumkin.
Tekshiruvdan
oldingi tahlil — taqdim etilgan soliq hisobotini va soliq to‘lovchining faoliyati
to‘g‘risidagi boshqa axborotni soliq organlari tomonidan axborot tizimlaridan foydalangan
holda, soliq to‘lovchining ishtirokisiz o‘tkaziladigan avtomatlashtirilgan tahlildir.
Tekshiruvdan oldingi tahlil soliq organi rahbarining
(rahbar o‘rinbosarining) buyrug‘isiz amalga oshiriladi.
Agar tekshiruvdan oldingi tahlil chog‘ida soliq organi
tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotida soliq organida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar
bilan tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlansa, soliq to‘lovchiga soliq to‘lovchining
shaxsiy kabineti orqali soliq hisobotiga tegishli tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi
xabarnoma yuboriladi.
Soliq to‘lovchi tegishli tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi
xabarnoma olingan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda aniqlashtirilgan soliq hisobotini
yoki aniqlangan tafovutlarning asosnomasini taqdim etishi shart. Bunday majburiyatning
bajarilmaganligi soliq organi tomonidan soliq to‘lovchida kameral soliq tekshiruvini
tayinlash uchun asos bo‘ladi.
Tekshiruvdan oldingi tahlil aniqlashtirilgan soliq hisoboti
yoki aniqlangan tafovutlar asosnomasi soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan yoxud
kameral soliq tekshiruvi tayinlagan sanadan e’tiboran yakunlangan hisoblanadi.
Kameral soliq tekshiruvi quyidagi hollarda o‘tkaziladi:
Soliq
xavfini boshqarish tizimi asosida aniqlangan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
buzilishi sodir etilganligi xavfi mavjudligida;
Soliq
to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotida tafovutlar yoki xatolar aniqlanganda.
Soliq organlari quyidagi hollarda ham kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishga
haqli:
Soliq
to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarining buzilishi holatlari haqida jismoniy
va yuridik shaxslarning murojaatlari soliq organiga tushganda;
Soliq
to‘lovchi tomonidan oldin taqdim etilgan soliq hisobotiga nisbatan to‘lanishi lozim
bo‘lgan soliq summasini kamaytiradigan yoki ko‘rilgan zarar summasini ko‘paytiradigan
aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilganda.
Kameral soliq tekshiruvi daʼvo muddati o‘tmagan soliq davrlariga nisbatan
o‘tkazilishi mumkin.
Soliq monitoringi o‘tkazilayotgan soliq (hisobot) davriga nisbatan kameral
soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi.
Kameral
soliq tekshiruvi soliq organi joylashgan joyda amalga oshiriladi, bundan soliq to‘lovchining
hududlarini va binolarini ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq holatlar mustasno.
Agar
soliq to‘lovchi tomonidan avval hisoblangan soliq summasi o‘zgartirilib, kameral
soliq tekshiruvi tugagunga qadar o‘n
kun oldin aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilsa, kameral
soliq tekshiruvi ushbu taqdim etilgan aniqlashtirilgan soliq hisobotini hisobga
olgan holda o‘tkaziladi.
Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish
Kameral
soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida
o‘tkaziladi.
Kameral
soliq tekshiruvining umumiy muddati oltmish
ish kundan oshishi mumkin emas.
Kameral
soliq tekshiruvi davomida soliq organi so‘rovnoma asosida soliq to‘lovchidan:
So‘rovnomada
ko‘rsatilgan hujjatlar va tushuntirishlar soliq to‘lovchi tomonidan soliq organiga
so‘rovnoma olingan kundan eʼtiboran besh kun ichida taqdim etilishi kerak.
Tekshirilayotgan
soliq to‘lovchining faoliyatiga taalluqli bo‘lgan hujjatlarni (axborotni) uchinchi
shaxslardan talab qilib olish zarur bo‘lgan hollarda, soliq organlari ushbu hujjatlarni
(axborotni) soliq to‘lovchining kontragentidan yoki hujjatlarga (axborotga) ega
bo‘lgan boshqa shaxslardan talab qilib oladi.
Kameral
soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha tekshiruvni o‘tkazuvchi mansabdor shaxs xulosa
tuzadi. Kameral soliq tekshiruvi yuzasidan tuzilgan xulosa soliq organi rahbari
(rahbar o‘rinbosari) tomonidan ikki kun ichida ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.
Kameral
soliq tekshiruvi materiallari, shu jumladan, soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi
dalolatnoma, tekshirish yakunlariga ko‘ra tafovutlar aniqlanganligi yoki soliq to‘g‘risidagi
qonun hujjatlari buzilishi mavjud emasligi to‘g‘risida tuzilgan xulosa Soliq kodeksining
135-moddasi oltinchi qismiga muvofiq soliq organida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
Kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha talabnomani yuborish
Kameral
soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha tasdiqlangan xulosaga ko‘ra soliq hisobotidagi
tafovutlar yoki xatolar aniqlangan holatlar yuzasidan soliq organi tomonidan ikki
kun muddatda soliq to‘lovchiga ularni bartaraf etish to‘g‘risida talabnoma yuboriladi.
Talabnoma
yuborilgan sana kameral soliq tekshiruvi tugatilgan sana hisoblanadi.
Taqdim etilgan soliq hisobotlarini o‘rganish va tahlil qilish natijalari
bo‘yicha tafovutlar yoki xatolar aniqlanmagan bo‘lsa ham kameral soliq tekshiruvi
yakunlangan deb hisoblanadi va bu haqida soliq organi tomonidan soliq to‘lovchining
shaxsiy kabinetiga tegishli xabarnoma yuboriladi.
Soliq
to‘lovchi talabnoma olingan kundan boshlab besh kun muddatda tegishli soliqlar bo‘yicha aniqlashtirilgan
soliq hisobotini yoxud aniqlangan tafovutlarning asoslarini tasdiqlovchi hujjatlar
bilan soliq organiga taqdim etishi shart.
Soliq
to‘lovchining taqdim etgan asosnomasi tegishli hujjatlar (asosnomalar) olingan kundan
eʼtiboran o‘n besh kun ichida soliq organining rahbari (rahbari o‘rinbosari) tomonidan
ko‘rib chiqiladi.
Aniqlangan tafovutlar bo‘yicha
taqdim etilgan asosnomalarga to‘liq yoki qisman rozilik berilgan taqdirda, soliq
organi oldin yuborilgan talabnoma bekor qilinganligi to‘g‘risidagi bildirish xatini
yoxud soliq hisobotiga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi aniqlashtirilgan talabnomani
uch kun ichida soliq to‘lovchiga yuboradi.
Agar soliq to‘lovchi aniqlashtirilgan
soliq hisobotini taqdim etmasa yoki aniqlangan tafovutlar bo‘yicha asosnomalarni
taqdim etmasa yoxud taqdim etgan asosnomalar yetarli emas deb topilsa soliq organi
soliq to‘lovchiga soliq auditini tayinlashga haqli.
Kameral soliq tekshiruvda aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘yicha
ish yuritish
Agar
kameral soliq tekshiruvi paytida soliq to‘lovchi tomonidan Soliq kodeksining 28-bobiga muvofiq javobgarlik belgilangan
soliqqa oid huquqbuzarlikning sodir etilganligi holati aniqlansa, kameral soliq
tekshiruvini o‘tkazgan mansabdor shaxs soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi
holatlarini qayd etuvchi dalolatnomani
tuzadi.
Dalolatnoma
kameral soliq tekshiruvini o‘tkazgan mansabdor shaxs va soliq to‘lovchi tomonidan
imzolanadi.
Kameral
soliq tekshiruvini o‘tkazgan soliq organi rahbari (rahbar o‘rinbosari) dalolatnomani
va kameral soliq tekshiruvining boshqa materiallarini ushbu dalolatnoma tuzilgan
kundan eʼtiboran o‘n kun o‘tgach, biroq o‘n besh kundan kechiktirmasdan ko‘rib chiqadi.
Soliqqa
oid huquqbuzarlik to‘g‘risidagi dalolatnoma va kameral soliq tekshiruvining boshqa
materiallari ko‘rib chiqilganidan keyin natijalari bo‘yicha besh kun ichida soliq
organi rahbari (rahbar o‘rinbosari) qaror qabul qiladi.
Soliqqa
oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun soliq to‘lovchini javobgarlikka tortish va
qo‘shimcha soliqlarni hisoblash to‘g‘risidagi qaror, u qabul qilingan kundan keyin
ikki kun ichida yuboriladi.
Soliq
organining qarori soliq to‘lovchi tomonidan soliq organining qarori olingan sanadan
boshlab bir oy muddat
o‘tgach kuchga qiradi.
Soliq
to‘lovchi kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorni ixtiyoriy
bajarmagan taqdirda, soliq qarzini undirish Soliq kodeksining
120-124-moddalarida nazarda tutilgan tartibda soliq organi tomonidan mustaqil ravishda
amalga oshiriladi.
Qo‘shilgan
qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi soliq
to‘lovchi tomonidan soliq davri uchun soliq hisoboti taqdim etish chog‘ida soliq
organlari qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy summasi o‘rnini qoplash (qaytarish)
to‘g‘risida xabardor qilingan kundan e’tiboran oltmish kun ichida soliq organining
buyrug‘isiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda
amalga oshiriladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplashga nisbatan
kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra soliq hisobotiga o‘zgartishlar kiritish
haqidagi talabnoma yozib berilmaydi.
Qo‘shilgan
qiymat solig‘i summasini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi natijalariga
ko‘ra soliq organlari ushbu summani qoplash to‘g‘risidagi qaror yoxud ularni qoplashni
rad etish (to‘liq yoki qisman) to‘g‘risidagi asoslantirilgan qaror qabul qiladi.
Sayyor soliq tekshiruvi — soliq organlari tomonidan soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash sohasida soliq to‘lovchilarning ayrim majburiyatlarini, shuningdek, soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa majburiyatlarini bajarish bo‘yicha o‘tkaziladi. Unda hisobga olish hujjatlarining, tovar-moddiy qimmatliklar va pul mablag‘lari harakatining, shuningdek, soliq to‘lovchining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa axborotning tahlili o‘tkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilgan holda amalga oshiriladi, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarni tekshirish bundan mustasno.
Sayyor soliq tekshiruvida quyidagilar amalga oshiriladi:
Sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazish davri
Sayyor soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda o‘tkaziladi. Sayyor soliq tekshiruvini tayinlash to‘g‘risidagi buyruqda ko‘rsatilgan sana ushbu tekshiruvni o‘tkazish muddatining boshlanishi deb hisoblanadi.
Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqda soliq to‘lovchining nomi, tekshiruvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda lavozimi, tekshiruvlarni o‘tkazish muddati va maqsadlari, Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimidagi ro‘yxatga olish raqami ko‘rsatiladi. Davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, noqonuniy faoliyat yuritayotgan jismoniy shaxslar faoliyati bo‘yicha sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqda soliq to‘lovchining nomi va Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimidagi ro‘yxatga olish raqami ko‘rsatilmaydi.
Sayyor soliq tekshiruvi natijalarini rasmiylashtirish
Sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasi ikki nusxada tuziladi va soliq organi mansabdor shaxslari hamda soliq to‘lovchi tomonidan imzolanadi.
Sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasining bir nusxasi soliq to‘lovchiga dalolatnoma bilan tanishib chiqib, uni olganligi va sanasi ko‘rsatilgan imzosi orqali topshiriladi.
Soliq to‘lovchi sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasini olishdan bosh tortganda, soliq tekshiruvi dalolatnomasiga tegishli yozuv kiritiladi va uning bir nusxasi soliq to‘lovchiga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti yoki pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.
Sayyor soliq tekshiruvi davomida soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishi holatlari aniqlangan taqdirda, aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yuritish Soliq kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda moliyaviy sanksiyalar Soliq kodeksining
28 va 29-boblarida nazarda tutilgan miqdorlarda belgilanadi va pul undirish (jarimalar) tarzida qo‘llaniladi.
Soliq auditi – bu yuqori darajada riskka tushgan soliq toʼlovchi tomonidan soliq qonunlariga rioya etilishini har tomonlama oʼrganish hisoblanib, soliqlarni toʼlashdan boʼyin tovlash xavfi omillarini tahlil qilish asosida tanlangan soliq toʼlovchilarga nisbatan oʼtkaziladi.
Tahlika omillari tahlili natijalari asosida tanlab olingan soliq toʼlovchilarda soliq auditi barcha soliq va yigʼimlar boʼyicha, shuningdek bitta yoki bir nechta soliqlar boʼyicha oʼtkazilishi mumkin. Bu toʼgʼrisida buyruqda koʼrsatiladi.
Zarurat tugʼilganda, soliq auditini oʼtkazadigan mansabdor shaxslar, soliq auditini tayinlagan soliq organining buyrugʼiga binoan, tekshirilayotgan soliq toʼlovchi faoliyati bilan bevosita bogʼliq boʼlgan boshqa soliq toʼlovchining faoliyatida sayyor soliq tekshiruvi oʼtkazish tashabbusi bilan chiqishga haqli.
Soliq auditi oʼtkazilishi to'g'risida habardor qilish
Soliq organlari soliq auditi oʼtkazishga nomzod boʼlgan soliq toʼlovchilarga kamida oʼttiz kalendar kun oldin soliq auditi oʼtkazilishi toʼgʼrisida xabarnoma yuboradi.
Lekin, soliqlarni toʼlashdan boʼyin tovlash belgilari mavjud boʼlgan hollarda, soliq organi Davlat soliq qoʼmitasi bilan kelishgan holda soliq auditini xabarnoma yubormasdan amalga oshirish huquqiga ega.
Soliq kodeksida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʼlsa, soliq auditi faqat daʼvo qilish muddati oʼtmagan oxirgi soliq auditidan keyingi davrni qamrab olishi mumkin. Yakuniy tekshirishda soliq auditi bevosita tekshiruv yilidan avvalgi uch yildan ortiq davrni qamrab olishi mumkin emas.
Аynan bir xil soliq turi boʼyicha aynan bir davr uchun birdan ortiq soliq auditi oʼtkazishga hakli emas. Bundan soliq auditini oʼtkazish chogʼida soliq organiga maʼlum boʼlmagan yangi holatlar aniqlangan hollar mustasno. Yangi holatlar aniqlangan taqdirda soliq organi takroriy soliq auditini tayinlashga haqli.
Soliq auditi oʼttiz kundan ortiq davom etishi mumkin emas.
Shuningdek, soliq toʼlovchi tomonidan hujjatlarni taqdim qilish kechiktirlganda, Oʼzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari doirasida maʼlumot olishda, ekspretiza oʼtkazishda va chet tilida taqdim etilgan hujjatlarni tarjima qilishda tekshirish muddati uzaytirilishi mumkin.
Bunda soliq auditining umumiy muddati olti oydan oshmasligi kerak.
Soliq auditini oʼtkazayotgan soliq organlarining mansabdor shaxslarini koʼrsatilgan hududga yoki binoga (bundan turar joylar mustasno) kirishiga toʼsqinlik qilinganda, soliq organi bankdagi hisobvaraqlar boʼyicha operatsiyalarni toʼxtatib turishga haqli.
Soliq auditi tugaganidan keyin oʼn kun ichida soliq toʼlovchi roʼyxatdan oʼtgan joydagi soliq organiga uning natijalari boʼyicha yozma eʼtirozlar yuborishga haqlidir.
Soliq auditi materiallarini koʼrib chiqish paytida, agar soliq qonunchiligi buzilganligi yoki buzilmaganligini tasdiqlash uchun qoʼshimcha dalillar olish zarur boʼlsa, soliq organining rahbari (rahbar oʼrinbosari) bir oydan oshmagan muddatda qoʼshimcha soliq nazorati tadbirlarini oʼtkazish toʼgʼrisida qaror qabul qilishga haqlidir.