Soliq to‘lovchilar zimmasiga yuklatilgan soliqlarni va yig‘imlarni to‘g‘ri hisoblashi hamda hisobotlarni o‘z vaqtida taqdim etishi soliq majburiyatlari bajarilishining asosiy mezoni hisoblanadi.
Hozirgi kunda soliq to‘lovchilar uchun barcha hisobotlarni my.soliq.uz portali orqali elektron tarzda yuborish imkoniyati yaratilgan. Bu esa ularga vaqtini va naqdini tejashga imkon bermoqda.
Soliq turlari kesimida hisobot topshirish ko‘rsatkichlari tahlil qilinganda soliq hisobotlarni taqdim etish majburiyatiga ega bo‘lgan subyektlar tomonidan 2021 yilning o‘tgan davri uchun QQS, aylanmadan olinadigan soliq, foyda, aksiz va yer solig‘i bo‘yicha hisobotlar 99 foiz holatda taqdim qilinganligi maʼlum bo‘ldi.
Ammo ayrim tadbirkorlik subyektlari soliq majburiyatlarini bajarishda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymoqda.
Xususan, 2021-yil 1-sentabrgacha 38 mingdan ziyod subyekt soliq hisobotini taqdim etmaslik, o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoki belgilanmagan shaklda taqdim etish holatlariga yo‘l qo‘ygan.
Misol uchun, Toshkent shaharida faoliyat yurituvchi “DRF” MCHJ mansabdor shaxslari tomonidan 2020-yil oktyabr-noyabr oylari hisobotlari o‘z vaqtida taqdim etmagan. Natijada Soliq kodeksida belgilangan talablarga muvofiq korxonaga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli organga yuborilgan.