Bugungi kunda mamlakatimiz miqyosida 141,1 mingta yuridik shaxs qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatga olingan. Ularda jami 1,8 mln xodim ish bilan band.
Taʼkidlash lozimki, QQS to‘lovchisi bo‘lgan yuridik shaxslar uchun bir qator imtiyozlar berilgan. Jumladan, ular tomonidan tovarlar eksporti amalga oshirilganda nol darajali stavka qo‘llaniladi. Shuningdek, Prezidentimizning PQ-5231-son (24.08.2021 y) qarori bilan 2021 yil 1 oktyabrdan eksport qilinadigan tovarlar uchun ishlatilgan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan (to‘langan) QQS summasi soliq to‘lovchining O‘zbekistondagi bank hisobvarag‘iga chet el valyutasi tushumi kelib tushishidan qatʼi nazar, hisobga olinishi belgilandi.
Soliq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida berilayotgan bu kabi imtiyozlarga qaramay ayrim QQS to‘lovchilari haqiqiy daromadni yashirish maqsadida soliqlardan qochish “sxema”laridan foydalanayotgani aniqlanmoqda.
O‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, QQS guvohnomasiga ega bo‘lgan 60,5 ming korxonada rasman ishlovchi xodimlar soni
4 nafardan kamligi maʼlum bo‘ldi. Aksariyat hollarda ushbu korxonalarda bajarilgan ish hajmi hujjatda ko‘rsatilgan ishchilar soniga mos kelmaydi. Yaʼni haqiqatda ishlovchi xodimlar soni hujjatlarda aniq ko‘rsatilmagan.
Hozirda, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarini soliq organlarida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishning maxsus tartibi ishlab chiqilmoqda.
Bunda, soliq organi qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchining maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizasini soliq xavfi darajasidan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqish nazarda tutilmoqda.
Unga ko‘ra, QQS to‘lovchilarining xodimlari yoki yollanma ishchilari soni 4 kishidan kam bo‘lganda o‘rta darajadagi soliq xavfi mavjud soliq to‘lovchilar toifasiga kiritiladi. Bunda soliq to‘lovchilarga keyingi o‘n ikki oy ichida soliq nazoratining tekshiruv tadbirlarini o‘tkazish sharti bilan QQS guvohnomasi beriladi. Shundan so‘ng, mazkur korxonalarda maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin soliq nazorati tadbirlari (ko‘zdan kechirish, so‘rov, kameral va sayyor soliq tekshiruvlari, xodimlarning hisobotdagi va haqiqiy soniga muvofiqligini nazorat qilish) amalga oshiriladi.